Samarqandda “Naqsh” hunarmandchilik maktabining ilk tinglovchilari ta’lim olgan sinfxonadan-da ilhom bag‘ishlovchi muhitni tasavvur qilish qiyin. Registon majmuasidagi Ulug‘bek madrasasining mahobatli peshtoqi yonida joylashgan xonada tahsil olgan talabalar bu yerda nafaqat tarixdan saboq oldilar, balki uning bevosita bir qismiga aylandilar.
Bir necha kun avval Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida muhim va ramziy voqea yuz berdi — O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Qirollik jamgʻarmasining An’anaviy san’at maktabi (KFSTA) o‘rtasida rasmiy hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu bitim O‘zbekistonning bebaho an’anaviy san’at va hunarmandchilik merosini asrash, uni yangi mazmun bilan boyitish hamda kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Keyinchalik Registon majmuasining beqiyos salobati bag‘rida mashg‘ulotlarga sho‘ng‘igan 14 nafar ilk tinglovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning tashrifi yanada ruhlantirdi. Ushbu tashrif davlatimizning “Naqsh” hunarmandchilik maktabi va uning ezgu missiyasiga bo‘lgan yuksak e’tibor va qat’iy qo‘llab-quvvatlovini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Registondagi mashg‘ulotlar talabalar uchun naqadar chuqur hissiy ta’sir ko‘rsatganligini ulardan birining kechinmalari yaqqol ifodalaydi. KFSTA ustozlaridan birining jo‘shqin va ma’noli so‘zlari uni ko‘z yoshlariga to‘ldirgan edi. Talaba bu onni shunday eslaydi: “U meni yig‘latdi, chunki u biz nima uchun bu yerda ekanimizni, nima qilayotganimizni va kim ekanimizni eslashimiz kerakligini tushuntirdi.”
Aynan shu lahza biz intilayotgan asosiy maqsadni yaqqol namoyon etdi — yosh avlodni o‘zining ilhom bag‘ishlovchi madaniy merosi bilan nafaqat intellektual, balki chuqur hissiy jihatdan ham bog‘lash.
Ushbu kurs — “Naqsh” hunarmandchilik maktabining sinov yili uchun rejalashtirilgan beshta modulning birinchisi — talabalarni me’moriy mutanosiblik, xattotlikning banna’i naqshlari, geometrik dizaynlar va biomorfik bezaklar bilan tanishtirdi. 15–17-asrlarda hunarmandlar tomonidan yaratilgan murakkab va nafis naqshlarning nazariy asoslarini o‘rgangan talabalar sinfxonadan bir necha qadam tashqariga chiqib, ushbu naqshlarni jonli kuzatish va eskiz qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
KFSTA — bu 1990-yilda Britaniya monarhi Charlz III (o‘sha paytda Uels shahzodasi) tomonidan dunyo bo‘ylab an’anaviy san’atni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan Qirollik jamg’armasining bir qismi. Registondagi talabalar bilan birga bo‘lgan va KFSTAni chorak asrdan ortiq boshqargan direktor Dr. Khaled Azzam shunday ta’kidladi:
“Bizning ishimiz bosh, yurak va qo‘l muvozanatiga juda bog‘liq … Ushbu kurs talabalar uchun shuni ko‘rsatadi: bu nafaqat sirtqi bezak haqida, balki chuqur ma’noga ega. Bu — o‘zini namoyon qilayotgan koinot tartibi haqida.”
Navbatdagi to‘rtta qiziqarli modulga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Ularning ilk bosqichi — 26-yanvardan boshlanadigan uch haftalik “Geometriya va naqshga kirish” moduli bo‘lib, unda Oltin nisbat qonuniyatlariga bo‘ysunuvchi naqshlar oilasi o‘rganiladi hamda ushbu mutanosiblik Registon majmuasining betakror me’moriy obidalarida qanday mujassam etilgani tadqiq etiladi. Mazkur modulga arizalar 4-yanvargacha qabul qilinadi.
Uchinchi modul — “Proportsiya va kompozitsiyaga kirish” — me’moriy kompozitsiyaning har bir jihatini boshqarib, yagona uyg‘unlikka birlashtiruvchi nisbat va muvozanat tamoyillarini tahlil qiladi. To‘rtinchi modul — “Monumental g‘ishtin bezaklar san’ati” — me’morchilik, g‘isht terimi naqshlari va kufiy yozuv o‘rtasidagi nozik uyg‘unlikni yoritadi. Beshinchi modul — “Biomorf bezakning asosiy tamoyillari” esa O‘zbekiston me’moriy yodgorliklarini bezab turgan uslubiylashtirilgan guldor naqshlarning ahamiyatini, ularning turli mintaqaviy va tarixiy kontekstlarini ochib beradi.
Ushbu noyob imkoniyatga qiziqqanlar uchun batafsil ma’lumotlar “Naqsh” hunarmandchilik maktabi rasmiy veb-saytida taqdim etilgan.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining asosiy maqsadi — 2026 yilning ikkinchi yarmidan boshlab “Naqsh” hunarmandchilik maktabida kunduzgi, ikki yillik to‘liq ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish hamda uni Toshkentda bo‘lajak avlod rassomlari va hunarmandlari kamol topadigan muhim markaz sifatida shakllantirishdir. KFSTA ko‘magida, shuningdek, birinchi modul doirasida to‘plangan boy va ilhomlantiruvchi tajribalarni inobatga olgan holda, Naqsh maktabi Markaziy Osiyo miqyosida va global darajada an’anaviy san’at ta’limining yorqin va nufuzli maskaniga aylanishiga ishonch komil.