O‘tmish dahosidan kelajak uchun ilhom olib

Tun yarmidan og‘ib qolgan bo‘lsa-da, “Naqsh” hunarmandchilik maktabi talabalari hamon astoydil mehnat qilishmoqda. Guruhlarga bo‘linib, Qirollik jamg‘armasining An’anaviy san’at maktabi murabbiylari saboq bergan ko‘nikmalardan foydalangan holda bizlar katta san’at asarini yaratmoqdamiz. Lekin bu uy vazifasi emas. Aksincha, o‘rganganlarimizdan ilhomlanib, o‘z oldimizga vazifa qo‘yganmiz.

Otam Yoqubjon va amakim Yusufjon Mavlonov O‘zbekistondagi eng mashhur binolar, jumladan, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqand yaqinidagi islom ulamosi Imom Buxoriy maqbarasi ustida ishlagan usta hunarmandlar bo‘lganlari uchun men bolaligimdan naqsh bezaklariga qiziqqanman. Ammo men o‘z bilimlarimni chuqurlashtirish uchun juda kam ilmiy manbalarni topa oldim va “Naqsh” maktabining mashg‘ulotlariga qatnagachgina jimjimalar ortidagi go‘zallik va murakkablikni teranroq anglashni boshladim.

“Naqsh” maktabi modullari talabalari do‘stona munosabatlarni o‘rnatdilar va biz hammamiz bir-birimizning mahorat va g‘ayrat-shijoatimizni qadrlaymiz. Va biz, albatta, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti talabasidan “Naqsh” maktabining Instagramdagi tajriba kurslariga doir e’loni haqida diqqatimizni tortgani uchun minnatdormiz.

“To‘rt yillik me’morchilik ta’limining oxirgi kursini tamomlashga yaqinlashar ekanman, “Naqsh” maktabida olgan ma’lumot va ilhomim mening va kursdoshlarimning orzu-umidlarini shakllantirishga qo‘l kelmoqda. Darhaqiqat, darslar va Qirollik jamg‘armasiga mansub ajoyib jamoaning doimiy qo‘llab-quvvatlovi tinglovchilardan iborat bir guruhimizga “unutilgan me’moriy an’analarni zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida qayta tiklash va kelajak avlodlarga yetkazish”ga intiluvchi “Me’mor” tashkilotini tuzishga turtki berdi.

Me’mor taxminan “qurilish ustasi” deb tarjima qilinadi, ammo bu shunchaki oddiy so‘z emas, balki an’anaviy, handasaviy va amaliy foydalilik ko‘rsatkichlariga ega dizayn bo‘yicha chuqur bilimlarni o‘zida mujassam etgan musavvirni anglatadi. U O‘zbekistonning buyuk me’morlari va hunarmandlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, ular uchun qurilishning intellektual va ijodiy jihatlari ustuvor asos bo‘lib xizmat qilgan.

Ularning ming yillar davomida sayqal topgan va hanuz o‘zbekistonliklar va millionlab chet ellik sayyohlarni ilhomlantirib kelayotgan asarlari qanchalik murakkab bo‘lsa, shunchalik muhtasham hamdir. Oltin nisbat va o‘n karrali geometrik naqshlar kabi tamoyillar yordamida uyg‘unlik, muvozanat va ramziy ma’nolar yaratish uchun matematikadan foydalanishni o‘rganish oson ish emas, ammo Qirollik jamg‘armasidan tashrif buyurgan jamoa ular uchun ajoyib o‘quv qo‘llanmalarini yaratgan. “Biz hammamiz talabalarmiz. Hatto biz, o‘qituvchilar ham, hamon o‘rganyapmiz”, – degan edi menga o‘nlab yillar davomida bu boradagi chuqur bilimlari bilan o‘rtoqlashib kelayotgan Saymon Tretevey.

Men hozirga qadar «Naqsh» maktabi tomonidan tashkil etilgan ikkala modulda ham qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldim va 30-martdan boshlanadigan uchinchi modulga ham qabul qilinishni intiqlik bilan kutyapman. Dastlabki kurs Toshkent va Samarqand o‘rtasida tashkil etilib, biz mashg‘ulotlarni Registon maydonidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasining ulug‘vor peshtoqlari ostidagi sinfxonada olib bordik. Ikkinchi modulning dastlabki ikki haftasida Toshkentda biomorfik geometriya nazariyasini — tabiatdagi egri chiziqlar va shakllarning yashirin uyg‘unligini o‘rgandik. Uchinchi haftada esa bu bilimlarni amaliyotga tatbiq etib, sinfxonada ham, mehmonxonamizda ham o‘z ishlarimizni yaratdik.

Dastlab ayrimlar bu san’at asosida yotgan matematik murakkablikdan cho‘chidi. Ammo yangi ko‘nikmalar o‘z ijodiy ishlari orqali shaklga kirib, yaratilgan naqshlarning go‘zalligini ko‘ra boshlaganlarida, bu xavotir o‘rnini yengillik va hayajon egalladi. Biz o‘zbek madaniy merosining betakror qiyofasini yaratgan ustalarning izidan borayotganimizni his etamiz — bu esa faxr bilan birga mas’uliyat ham yuklaydi. Ularning mahorati yo‘qolib ketmasligi uchun uni davom ettirish burchini his qilamiz. Men uchun san’at — insoniyatning ruhi, va uni asrash yo‘lida xizmat qilayotgan «Naqsh» maktabi tashabbusining bir qismi bo‘lish sharafdir.

22 yoshimda men O‘zbekistonning zamonaviy va ishonchli davlatga aylanib borayotganini ko‘rdim. Ammo bu — an’analarni unutish degani emas. Aksincha, zamonaviylik va an’anaviylik uyg‘unlashganda, kelajak yanada porloq bo‘ladi. Chunki ilhom ildizlari o‘tmishda yashaydi.

Barcha talabalar Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hamda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magini chuqur qadrlashini bilaman. Har birimiz keyingi kurslarga ham boshqalarni qatnashishga undagan bo‘lardik. Bu kabi noyob bilimlarni o‘rganish imkoniyatlari kam, ularni ilhom baxsh etuvchi, tajribali ustozlardan o‘rganish esa undan-da kam uchraydi. Shuning uchun mening maslahatim oddiy — shoshiling.


Otabek Isoyev