Toshkentda yangi “Naqsh” hunarmandchilik maktabi an’anaviy san’at va madaniyatni yangi cho’qqiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Toshkent, 2025-yil 27-oktabr. – O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 1990-yillarning boshlarida Qirol Karl III tomonidan butun dunyo bo‘ylab an’anaviy san’at va ko‘nikmalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan Qirollik jamg‘armasining An’anaviy san’at maktabi (KFSTA) bilan yangi istiqbolli hamkorlikni e’lon qiladi.
E’lon Samarqandning qadimiy shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan bir paytda yangradi. Ushbu nufuzli tadbir so‘nggi 40 yil ichida ilk bor Fransiyadan tashqarida o‘tkazilmoqda. 30 oktyabrdan 13 noyabrgacha davom etadigan konferensiyada 194 mamlakatdan 5 mingdan ortiq delegat ishtirok etishi kutilmoqda. Mazkur konferensiyaga mezbonlik qilish sharafi O‘zbekistonning madaniy yutuqlariga berilgan e’tirof bo‘lib, bu yutuqlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ilgari surib kelinmoqda.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova: “Bu O‘zbekiston madaniyat sohasi uchun hal qiluvchi palladir. KFSTA tajribasi bilan sa’y-harakatlarimizni birlashtirib, biz rassomlar va hunarmandlarning yangi avlodini kamol toptiramiz, bu esa O‘zbekistonning jonli merosi butun dunyo bo‘ylab insonlarni ilhomlantirish va birlashtirishda davom etishini ta’minlaydi”.
An’anaviy badiiy ta’lim sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan KFSTA direktori d-r Xolid Azzam shunday deydi: “Biz ushbu ulkan tashabbusda Jamg‘arma bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Hamkorligimiz nafaqat O‘zbekistonda san’at va madaniyat rivojini yuksaltiradi, balki Qirollik jamg‘armasi qoshidagi An’anaviy san’at maktabining butun dunyoda an’anaviy san’at va hunarmandchilikni qayta tiklashni qo‘llab-quvvatlashga qo‘shayotgan hissasi ortib borayotganini namoyish ham etadi”.
Shuningdek, Jamg‘arma O‘zbekistonning an’anaviy hunarmandchiligini asrab-avaylash va targ‘ib etishga xizmat qiladigan yangi ta’lim muassasasi — Islom sivilizatsiyasi yangi markazida joylashadigan “Naqsh” hunarmandchilik maktabi tashkil etilishini e’lon qiladi. “Naqsh” so‘zi o‘zbek tilida san’at, me’morchilik, to‘qimachilik va hunarmandchilikda qo‘llaniladigan bezak naqshlarini anglatib, adabiyotda esa ramziy ma’noda qalbda uzoq saqlanib qoladigan taassurotni ifodalash uchun ham ishlatiladi.
KFSTA ekspertlari bilan hamkorlikda “Naqsh” hunarmandchilik maktabi sinov yili davomida 5 ta kurs o‘tkazadi. Birinchi davra mashg‘ulotlar 20-oktabrdan 13-noyabrgacha Toshkent va Samarqandda bo‘lib o‘tadi va ishtirokchilarga XV asr boshlarida Samarqandda islom oltin davrining eng buyuk astronom va olimlaridan biri tomonidan bunyod etilgan mashhur “Ulug‘bek” madrasasining me’moriy va bezakli suratlari bilan tanishish imkonini beradi. Kursga arizalar yosh rassomlar va hunarmandchilik ixlosmandlari uchun qabul boshlandi. Batafsil ma’lumotlarni www.naqshschoolofcrafts.uz saytidan olishingiz mumkin.
O‘zbekistonning ko‘plab amaldagi hunarmandchilik an’analari YUNESKO’ning kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash muhim deb topilgan madaniy amaliyot va an’analar ro‘yxatlariga kiritilgan. Shu bilan birga, ular mamlakatda tobora kengayib borayotgan kichik va o‘rta biznes sektorining rivojiga hissa qo‘shib, qishloq hududlarida hamda madaniy turizm doirasida muhim bandlik manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hamkorlikning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbirdan olingan suratlar ommaviy axborot vositalari uchun taqdim etiladi.
Jamg‘arma, “Naqsh” hunarmandchilik maktabi hamda KFSTA bilan hamkorlik haqida batafsil ma’lumot olish yoki intervyu olish bo‘yicha quyidagi manzil orqali bog‘lanishingiz mumkin: